Qabul: abituriyentlarga dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontraktni tanlash imkoni beriladi

Qabul: abituriyentlarga dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontraktni tanlash imkoni beriladi

Joriy yildagi muhim o‘zgarishlardan biri — abituriyentlarga dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etishi bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:

— 2021-2022-o‘quv yili qabulida abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

— Abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab dastlab davlat granti, keyinchalik to‘lov-kontrakt asosida tanlovda ishtirok etish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat beriladi.

Buning uchun abituriyentlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlov uchun ustuvorlik sifatida “davlat granti” yoki “davlat granti va to‘lov-kontrakt”dan birini tanlash imkoniyati yaratiladi.

Bunda abituriyent ustuvorlik sifatida:

— Davlat grantini tanlasa — dastlab davlat granti, so‘ngra to‘lov-kontrakt asosida;

— Davlat granti va to‘lov-kontraktni tanlasa — oldingi yillardagi kabi davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida tanlagan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ketma-ket tanlovda ishtirok etadi.

Alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga kirishda majburiy uchta fandan test sinovlari o‘tkaziladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq:

2021-2022-o‘quv yili qabulidan boshlab alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim sohalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta:

— ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili);

— matematika;

— O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Imtihonlarsiz o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega abituriyentlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-2022-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida” qaroriga ko‘ra 2021-2022-o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari:

bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

kunduzgi ta’lim shakliga – 113 530 nafar;

sirtqi ta’lim shakliga – 37 675 nafar;

kechki ta’lim shakliga – 6 550 nafar;

magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 12 900 nafar;

filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha – 500 nafar etib tasdiqlandi.

Shuningdek, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti asosidagi qabul parametrlari ajratiladi.

Abituriyentlarni ro‘yxatga olish 22-iyulga qadar davom etadi.