Qabulga oid so‘nggi o‘zgarishlar

Nihoyat 2021-2022 o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi. Prezidentning tegishli qaroriga binoan, bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:

kunduzgi ta’lim shakliga – 113 530 nafar;

sirtqi ta’lim shakliga – 37 675 nafar;

kechki ta’lim shakliga – 6 550 nafar talabalar qabul qilinishi tasdiqlandi.

Magistrlar tayyorlash bo‘yicha esa 12 900 nafar, xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha – 500 nafar etib belgilandi.

Yana bir muhim o‘zgarish — abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 22 iyulga (shu kuni ham) qadar uzaytirildi.

Endi imtihonsiz o‘qishga kirish imtiyozi bor abituriyentlar kvotaga ta’sir qilmaydi.

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Avvalllari ular kvota doirasida davlat granti o‘rnini band qilar, natijada qaysidir abituriyentlar kontraktga o‘tib qolardi.

Ijodiy imtihonga kiradigan abituriyentlar ham majburiy test topshiradi

abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Joriy yilda abituriyentlarga xuddi o‘tgan yildagidek test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

Yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish haqidagi takliflar joriy yilda tasdiqlanmagan.

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!