Qabul: OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi tasdiqlandi

Qabul: OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi tasdiqlandi

Prezidentning 22.06.2021 yildagi qarori bilan 2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.

 

2021/2022 o‘quv yili uchun davlat buyurtmasi parametrlari
Bakalavriat Ta’lim shakli: Kishi soni
kunduzgi 113 530
sirtqi 37 675
kechki 6 550
Magistratura 12 900
Filiallar va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash 500

 

Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yilning 22 iyunidan 22 iyuliga qadar (22 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda YAIDXP hamda Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.

2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab davlat granti asosida kadrlarni tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari uchun ham shakllantiriladi.

2021/2022 o‘quv yili qabulida davlat OTMlarining magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga qabul qilish II bosqichda amalga oshiriladi:

I bosqichda – davlat OTM tomonidan tanlangan mutaxassislikka mos fanlar bo‘yicha kirish imtihonlari;

II bosqichda – Davlat test markazi tomonidan chet tili bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi. Chet tili bo‘yicha tegishli darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyentlar chet tilidan test sinovini topshirishdan ozod qilinadi va ularga mazkur fan bo‘yicha maksimal ball beriladi.

 2021/2022 o‘quv yili qabulidan boshlab:

abituriyentdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda kasbiy (ijodiy) imtihonlardan so‘ng majburiy uchta – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi;

qonunchilik hujjatlariga muvofiq OTMlariga imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar umumiy qabul parametrlaridan tashqari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi;

xorijiy fuqarolarni davlat OTMlariga o‘qishga qabul qilish belgilangan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijalariga ko‘ra oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi;

magistratura (klinik ordinatura) mutaxassisliklariga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning to‘lov-kontrakt summasi bir talabaga to‘g‘ri keladigan real xarajatlardan kelib chiqib, OTM tomonidan mustaqil belgilanadi.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari va jahon chempionatlarida oxirgi 3 yilda g‘olib va sovrindor (1, 2, 3-o‘rin) bo‘lgan sportchi-o‘quvchilar davlat OTMlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakllariga qo‘shimcha davlat granti asosida kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi. Ular qabul qilinishi mumkin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati Turizm va sport vazirligi, OO‘MTV hamda tizimida OTMlari bo‘lgan vazirlik va idoralarning asoslantirilgan takliflariga muvofiq Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.