Joriy o‘quv yilida qaysi OTM filiallari va qanday yangi yoʻnalishlar ochiladi?

Joriy o‘quv yilida qaysi OTM filiallari va qanday yangi yoʻnalishlar ochiladi?

— 2021/2022 oʻquv yilida:

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Gidrometeorologiya fakulteti ochiladi.

Joriy oʻquv yilidan boshlab Rossiya davlat gidrometeorologiya universiteti va boshqa xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha gidrometeorologiya yoʻnalishida kadrlar tayyorlash tashkil etiladi.

Toshkent viloyatida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti filiali tashkil etiladi.

Toshkent davlat agrar universitetining Nukus filiali negizida Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti tashkil etiladi.

Institutda taʼlimning kredit-modul tizimi joriy etiladi, shuningdek, haftada besh kunlik oʻqish hamda haftaning shanba kuni mustaqil oʻzlashtirish kuni deb belgilanadi.

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filialida oʻquv jarayoni boshlanadi.

Filialga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul qilish koʻrsatkichlari har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan OTMga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Filialning 2021/2022 oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha qabul jarayoni va ijodiy imtihonlari Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida oʻtkaziladi.

“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Buxoro va Termiz davlat universitetlarida “ziyorat turizmi”, “transport logistikasi” va “ijodiy sanoat” (creative industry) magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti oʻz faoliyatini boshlaydi.

2020/2021 oʻquv yili uchun institutga kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha qabul parametrlari Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan belgilanadi.

Shuningdek, qarorda kelgusida Institutda talabalar soni oshishini inobatga olib, 2022-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan investitsiya dasturlariga 1200 oʻrinli oʻquv binosi va 400 oʻrinli talabalar turar joyini qurish loyihalarini kiritish nazarda tutilgan.

Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida madaniy meros obyektlarini asrash fakultetlari ochiladi.