Xotin-qizlar uchun 2000 ta davlat grantlari ajratildi

Xotin-qizlar uchun 2000 ta davlat grantlari ajratildi

2021-yil 3-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-iyundagi 402-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 338-sonli qarori qabul qilindi.

Unga koʻra:

qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida xotin-kizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish masalasini koʻrib chiqish jarayoni Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi, “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi bilan bogʻlanadi;

oilaning ehtiyojmandlik darajasi “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning qiz farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar orqali aniqlanadi;

tavsiyanoma belgilangan mezonlarga mos kelgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi;

tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha yashash joyidagi tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga elektron shaklda murojaat qiladi;

tavsiyanoma olish maqsadida murojaat etgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning hujjatlari har yili 30-maydan 8-iyunga qadar qabul qilinadi;

tegishli mezonlardan birini tasdiqlovchi maʼlumotlar va elektron shakldagi hujjatlar (tugʻilganlik, nikoh qayd etilganlik, vafot etganlik haqida va boshqa) Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi hamda “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali olinadi.

talabgorlarning mobil telefon raqamiga yoki elektron manziliga tavsiyanoma berishga tavsiya etilganligi yoki rad etilganligi toʻgʻrisida xabar yuboriladi.

tavsiyanomalar berilgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning roʻyxati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi;

tavsiyanoma ishchi guruh yigʻilishining yakuniy bayonnomalariga koʻra rasmiylashtirilgan tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlarining buyrugʻi asosida elektron hujjat shaklida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan beriladi.

oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma bir yil muddatga beriladi.

ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga berilgan tavsiyanomalar tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga yuboriladi.

tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari har yili 15-iyunga qadar tavsiyanomaning talabgorlarga yetkazilishini taʼminlaydi.