Xushxabar: Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filiali ochiladi

Xushxabar: Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filiali ochiladi

Toshkent shahrida Nikolay Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filiali ochilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Vazir Mixail Murashko boshchiligidagi Rossiya Sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Chilonzorda Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universitetining filialini ochish masalasiga eʼtibor qaratildi.

Bu borada 28-may kuni Sogʻliqni saqlash vazirligi va Nikolay Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.

Hamkorlik dasturini amalga oshirishning birinchi bosqichi doirasida Toshkent shahrida yuqorida aytib oʻtilgan Rossiya universitetining ordinaturada (keyinchalik aspiranturada) yuqori malakali kadrlar tayyorlash va tibbiyot xodimlariga qoʻshimcha kasbiy taʼlim berish boʻyicha filialini ochish rejalashtirilgan.

Delegatsiya aʼzolari klinik bazalar sifatida tanlangan ushbu tibbiyot muassasalariga ham tashrif buyurdi.

Universitet filialini joylashtirish uchun taʼlim faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan binolar majmuasiga ega boʻlgan va belgilangan klinik bazalar yaqinida joylashgan Chilonzor tibbiyot kolleji tanlangan.

Filial binolari va inshootlarini rekonstruksiya qilish (qurish) hamda oʻquv va simulyatsiya uskunalari bilan jihozlash bilan bir qatorda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini ham yuqori malakali shifokorlarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan zamonaviy tibbiyot yuqori texnologik uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirish natijasida RSHTYOIM, RIXIATM Rossiya universitetining filiali bilan birgalikda Oʻzbekistonning yetakchi konsultativ, tibbiy (keyinchalik ilmiy) va oʻquv markazlariga aylanadi.

Talabalarni ordinatura (keyinchalik aspirantura)ga oʻqishga qabul qilish mamlakatdagi tibbiyot oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilari oʻrtasida tanlov eʼlon qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

Universitet filialining professor-oʻqituvchilar tarkibi Rossiya universiteti xodimlari, mamlakat mutaxassislari va kelajakda filialning eng yaxshi bitiruvchilaridan shakllantiriladi.