Mavzuga qaytib: “Eh, sho‘rlikkina abituriyentlar…”

Mavzuga qaytib: “Eh, sho‘rlikkina abituriyentlar…”

Nega sarlavha bunday deb hayron bo‘layapsizmi? Boshqa nima deyish mumkin?! Keling gapni bundan bir-ikki oy avvalgi uzuq-yuluq gaplardan kelib chiqqan voqealardan boshlaymiz…

Saytimizda “Abituriyentlarni arosatda qoldirishdan kimlar manfaatdor?” sarlavhali maqola e’lon qilgandik. Mana shu vaqt ichida hamon shu savol dolzarbligicha turibdi. Unda DTM mas’ullari majburiy fanlardan test sinovlari bu yil ham boʻlmasligi mumkin deya abituriyentlarni ikkilantirib qo‘yishgandi. Chunki bu tasdiqlanmagan va ayni vaqt uchun asossiz ma’lumot. Shundan so‘ng ba’zi abituriyentlar ikkita fandan imtihon bo‘lar ekan, majburiy fanlardan imtihon olinmaydi degan xulosaga kelishdi.

O‘sha vaqtda Farhod Mirzayev Davlat qabul komissiyasining qaroriga koʻra, oʻtgan yilgidek 3 ta majburiy fandan test sinovlari bu yil ham boʻlmasligi mumkinligini, bu bo‘yicha tegishli takliflar kiritilganini aytgan edi. Kiritilgan taklif bo‘yicha yakuniy xulosa hamon yo‘q.

Bir necha kun ilgari Behzod Musayev ham o‘z intervyusida shunday mazmundagi ma’lumot berdi.

“Hozircha bu yilgi test sinovlarida nechta fandan imtihon bo‘lishi masalasi to‘liq hal bo‘lgani yo‘q. Bu masalani hal qiladigan respublikaning maxsus komissiyasi bor. Ushbu komissiya a’zosi sifatida sizga aytishim mumkinki, 5 ta fandan test bo‘lishi masalasi tasdiqlangani yo‘q. Ko‘rdingiz, pandemiya sabab o‘tgan yili 2 ta fandan imtihonlar o‘tkazildi. Karantin to‘liq chekinmagan holatda ikkita fandan topshirib, keyingi yilda birdaniga beshta fandan bo‘lishi ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu masala ko‘rib chiqilmoqda va tez orada aniq bir to‘xtamga kelinadi”, — degan Musayev.

Nahotki, o‘tgan vaqt o‘sha maxsus komissiyani yakuniy qarorga kelishi uchun oz muddat bo‘lsa?! Abituriyentlarni chalg‘itish emasmi bu? Axir qancha vaqtdan buyon Prezident tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, 3 ta maburiy fan, 2 ta asosiy fandan imtihon topshirishlari, hatto ijodiy imtihon topshiriladigan yo‘nalishdagi abituriyentlar ham 3 ta majburiy fan bo‘yicha test topshirishlari haqida bong urilyapti-ku! Vaqt borgan sari kam qolganida bu kabi “taklif kiritilgan”, “hali aniq emas”, “hozir bu haqida aniq to‘xtamga kelinmadi” kabi intervyular berish mas’ullarga ma’qul bo‘lsa?! Unda Prezident tomonidan chiqarilgan qarorni ijrosi qayerda qoladi?

Agarda 2 ta yoki 5 ta fandan imtihon topshiriladigan bo‘lsa, har ikki holatda ham bizning mas’ullarda “sabablar” topiladi. 5 ta fandan topshiriladigan bo‘lsa — Prezident qarori bor, anchadan buyon 5 ta fandan imtihon bo‘lishi haqida aytib kelinyapti, 2 ta fandan topshiriladigan bo‘lsa — pandemiya sabab shunday xulosaga kelindi, degan bayonot beriladi tamom!

Mayli, hozircha bu bo‘yicha yakuniy xulosaga kelinishini, kiritilgan taklif tasdiqlanish yoki tasdiqlanmasligini kutishdan boshqa chora yo‘q.

Ammo o‘zini hurmat qilgan, kelajagiga bee’tibor bo‘lmagan va maqsadi aniq bo‘lgan abituriyentlar bu kabi xabarlarga o‘zini chalg‘itmay bor kuchini o‘qishga qaratadi. Chunki kirish imtihonlarida har qanday abituriyentga oldi-qochdi gaplar emas, haqiqiy bilim asqotadi. Shunday ekan diqqatingizni faqat chuqur bilim olishqa qarating “sho‘rlikkina, ABITURIYENTLAR…”


Ma’lumot o‘rnida: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida muhim o‘zgarish kiritilgan. 2021/2022 oʻquv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasini ikki boʻlimga ajratib, birinchi boʻlimga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — ona tili (oʻzbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va Oʻzbekiston tarixi, ikkinchi boʻlimga abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fanni kiritish belgilangan. O‘tgan yilgi yurtimizda pandemiya holatini inobatga olgan holda, faqat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan imtihon tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining joriy yilning 7-martdagi 10-son bayoni bilan 2021-2022-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, test topshiriqlari soni hamda baholash mezonlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 5 ta fandan imtihon olinishi ko‘zda tutilgan.