Andijonda yangi institut ochiladi. Qabul joriy o‘quv yilidan boshlanadi

Andijonda yangi institut ochiladi. Qabul joriy o‘quv yilidan boshlanadi

Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida yangi oliy taʼlim muassasasi – Andijon tekstil instituti ochilishi kutilmoqda. Institutda dars berish uchun Turkiya, Pokiston va Hindiston davlatlaridan malakali mutaxassislar taklif qilingan.

Mamlakatda klaster tizimining joriy etilishi toʻqimachilik sohasida yangi yoʻnalishlarni ochib berdi. Klasterlar oʻzlari yetishtirgan paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonda faoliyat yuritmoqda. Bu esa oʻz-oʻzidan mazkur sohada mutaxassislarga boʻlgan talabni oshiradi.

Maʼlumki, Xoʻjaobod tumanida tekstil sohasi juda rivojlangan. Tumanda yuzlab trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritadi.

Yangi institut Samo tekstil korxonasi tomonidan bunyod etilmoqda.

Andijon viloyati hokimligining Kun.uz muxbiriga bergan maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda mazkur institutning oʻquv va boshqa qoʻshimcha binolari qurib bitkazilgan. Institutda tekstil sohasi uchun zarur boʻlgan – injener-texnolog, dizayner singari mutaxassislar tayyorlanadi. Institutda dars berish uchun Turkiya, Pokiston va Hindiston davlatlaridan malakali mutaxassislar taklif qilingan.

Bundan tashqari, institutda paxta xom ashyosi yetishtirish mutaxassisligi yoʻnalishi boʻyicha ham fakultetlar ish olib boradi.

Maʼlumotlarga koʻra, xalq xoʻjaligi uchun kerakli mutaxassislar tayyorlovchi yangi oliy taʼlim muassasasi joriy oʻquv yilida 180 nafar talaba qabul qilishi koʻzda tutilgan.