DXX akademiyasida oʻqishga nomzodlarni saralab olish tartibi belgilandi

Hukumatning joriy yil 27-apreldagi 241-sonli qarori bilan Amir Temur nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida oʻqishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, Amir Temur nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi tayanch oliy harbiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanib, Davlat xavfsizlik xizmati va Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha ofitser kadrlarni tayyorlaydi.

Akademiyaga bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi taʼlim shaklida oʻqishga Qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni oʻtagan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilari boʻlgan erkaklar – Oʻzbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Oʻqishga nomzodlar quyidagi bosqichlarda tanlovlardan oʻtadi:

➖ dastlabki saralab olish;

➖ maxsus kasbiy tanlash;

➖ test sinovlari.

Sport ustasi unvoni yoki sport ustasiga nomzodlik toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni taqdim etgan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan ozod etiladi.

Test sinovlarini oʻtkazish tartibi va muddati Davlat test markazi tomonidan Akademiya bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Test sinovlarining natijalari sinov yakunlangandan keyin 5 kun ichida Akademiyaga taqdim etiladi va DXXning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Akademiyaga bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishga qabul qilingan nomzodlarga kursant maqomi beriladi.

 

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!