Buxoroda Italiya universitetining filiali ochiladi

Buxoroda Italiya universitetining filiali ochiladi

Oʻzbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan Buxoro shahrida Luidji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining (UniCampania) talabalar kampusi (filiali)ni tashkil etish boʻyicha navbatdagi videokonferensiya tashkil etildi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash vazirliklari, Buxoro viloyati hokimligi va universitetlari rahbarlari, Italiya universiteti prorektorlari hamda professor-oʻqituvchilari, shuningdek, Kampaniya va Molize mintaqalaridagi Oʻzbekistonning faxriy konsuli Vittorio Jorji ishtirok etdi.

Oʻzbekiston elchisi Otabek Akbarov mart oyi oxirida ushbu universitetga tashrifini tashkil etgani, universitet haqida batafsil taqdimot oʻtkazgani hamda Italiya vakillarining Buxoroda talabalar kampusini tashkil qilish boʻyicha taklifi uchun “UniCampania” rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Elchi “UniCampania” rahbariyatining may – iyun oylarida ushbu loyihaning barcha tashkiliy masalalarini muhokama qilish va tegishli shartnomani imzolash uchun Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga tayyorligini bildirdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov “UniCampania” Buxoro viloyatida oʻz kampusini tashkil etishga tayyorligini mamnuniyat bilan kutib oldi. Ushbu loyiha taʼlim va madaniyat sohalarida oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshishi mumkinligini taʼkidladi. Unga koʻra, “UniCampania” tomonidan taqdim etilgan materiallar oʻrganib chiqilib, hozirgi kunda ular asosida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi va “UniCampania” oʻrtasida toʻrt tomonlama kelishuv, shuningdek, taʼlim loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlanmoqda.

Kampaniya universiteti prorektori Luidji Maffey universitet rektori, professor Janfranko Nikolettining ishtirokchilarga tabrigini yetkazdi. Shuningdek, u tez orada Buxoro shahrida Italiya universiteti filialini tashkil etish uchun amaliy ishlarni boshlashga tayyorligini bildirdi.

Xususan, “UniCampania” talabalar kampusida qurilish fanlari va texnologiyasi (muhandislik), dizayn, hamshiralik va arxitektura kabi toʻrtta yoʻnalishda bakalavriat va magistratura dasturlari boʻyicha kadrlar tayyorlash nazarda tutilmoqda. Taʼlim Italiya taʼlim dasturi asosida italiyalik oʻqituvchilarni jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Bitiruvchilar Italiyada va Yevropada tan olinadigan diplomlarga ega boʻladi.

Rektor vakili, professor Serxio Minuchchi universitetning Buxoro shahrida toʻlaqonli filialini yaratish biroz vaqt talab etilishini va oʻquv jarayonini imkon qadar tezroq boshlash uchun u shu yilning sentyabr oyida shahardagi mavjud universitetlar negizida Luidji Vanvitelli nomidagi Kampaniya universitetining filiali shaklida kurslarni parallel ravishda boshlashni taklif qildi.

Ushbu taklif Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Oʻzaro hamkorlikning dastlabki bosqichi sifatida Buxoro muhandislik-texnika universitetida muhandislik, arxitektura va qurilish, Buxoro davlat tibbiyot instituti negizida tibbiyot yoʻnalishida qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etish mumkinligi bildirildi.

Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari Mirali Hamroyev qoʻshma loyihani amalga oshirishda har tomonlama koʻmak berishga tayyorligini taʼkidladi.

“Qoʻshma tadbirlarni boshlash uchun talabalar kampusini joylashtirish va ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda”, — dedi u.