Prezident maktablari: imtihon yaqin! Qabul, imtihon talablari va kvotalar haqida

Bugungi kunda Prezident maktablarida o‘qish ko‘pchilik yoshlarning maqsadiga aylangan. Shunga ko‘ra, yaqinlashib kelayotgan Prezident maktablariga kirish imtihonlari haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Prezident maktablariga 2021-2022-oʻquv yili uchun jami 1 632 nafar oʻquvchi qabul qilish rejalashtirilgan. Bu haqida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi axborot xizmati joriy yilgi qabul kvotasi soni, imtihon olinadigan tillar, xorijiy olimpiada gʻoliblariga imtiyozlar haqida bergan maʼlumotida keltirilgan.

Kirishda qanday mezonlarga amal qilinadi?

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-iyundagi 526-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning tegishli bandlariga asosan, Prezident maktablariga respublika umumtaʼlim muassasalarining toʻrtinchi sinf bitiruvchilari orasidan baholar tabeli asosida tegishli STEAM fanlarini:

  • matematika;
  • biologiya (tabiatshunoslik);
  • informatika va axborot texnologiyalari;
  • fizika;
  • algebra;
  • geometriya;
  • kimyodan aʼlo bahoga tugatgan bolalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Kirish imtihonlarining 1-bosqichi 2021-yil iyul, 2-bosqichi avgust oyida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

1-bosqich

  • matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test shaklida oʻtkaziladi;
  • belgilangan vazifani bajarish uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.

Birinchi bosqich natijasiga koʻra, qabul kvotasida belgilangan har bir oʻringa 20 kishi hisobidan maksimal talabgorlar 2-bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.

2-bosqich

  • axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash boʻyicha 16 ta masala;
  • mantiq elementlari boʻlgan matematika fanidan 24 ta masala;
  • ingliz tilidan 55 ta test;

2-bosqich kirish imtihonlari uchun jami 150 daqiqa vaqt ajratiladi.

2020-2021 oʻquv yili uchun Toshkent, Namangan, Nukus va Xiva shaharlarida joylashgan prezident maktablariga oʻquvchilar qabuli qoldirilgan edi. Shu sababli, 2021-2022 oʻquv yilida Toshkent shahri, Namangan va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi prezident maktablariga 5- (24 nafar), 6-sinflarga (24 nafar) oʻquvchilar qabul qilinadi.

Shuningdek, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona viloyatlari ilk marota oʻquvchi qabul qilayotgani uchun 5-sinfdan 10-sinfgacha 24 nafardan oʻquvchilar qabul qilinadi.

Prezident maktablariga kirish imtihonlari 3 tilda oʻtkaziladi. Prezident maktablariga kirish imtihonlarida ingliz tilini ham tanlash imkoni mavjud. Talabgorlar xohishiga koʻra oʻzbek, ingliz yoki qoraqalpoq tilida boʻlib oʻtadi.

Qabul jarayonida xalqaro olimpiadalar va tanlovlarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar uchun imtiyozlar koʻzda tutilmagan.

 

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!