Termiz va Qarshida yangi oliygohlar ochildi

Termiz va Qarshida yangi oliygohlar ochildi

Abituriyentlarimiz uchun yana bir qaynoq xabar. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 2 oliy ta’lim muassasasi ochilmoqda. Quyida ular haqida batafsil tanishasiz.

Yaqinda Vazirlar Mahkamasining “Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz filiali hamda Termiz davlat universitetining pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Termiz davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi.

  • Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

Institutga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Xuddi shuningdek, “Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali hamda Qarshi davlat universitetining pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Qarshi davlat universitetining Pedagogika instituti ochiladi.

Pedagogika sohasi boʻyicha tarbiya va oʻqitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash va boshqalar institutning asosiy vazifalari etib belgilandi.

  • Ushbu institutda ham oʻquv jarayoni shu yil, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Qarshi davlat universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul toʻxtatiladi hamda ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishni bitirgunlariga qadar universitetda taʼlim jarayonini davom ettiradilar.

Institutga talabalarni bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul qilish soni har yili belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika OTMlariga oʻqishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.