Endi OTMga qabul qilishda 7 ta fandan iborat milliy sertifikatsiya tizimi joriy etiladi

Endi OTMga qabul qilishda 7 ta fandan iborat milliy sertifikatsiya tizimi joriy etiladi

AOKAda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi vakillari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda qatnashgan inspeksiya boshligʻining oʻrinbosari Odil Qoʻysinov amaldagi test sinovlari, joriy etilayotgan milliy sertifikatsiya tizimi haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

2021-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda milliy sertifikatsiya tizimi joriy qilinmoqda. Bu tizim 7 ta fandan: birinchi bosqichda ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti; rus tili va adabiyoti; qoraqalpoq tili va adabiyoti) hamda matematika fanlaridan, ikkinchi bosqichda kimyo va biologiyadan, uchinchi bosqichda fizika, geografiya va tarix fanlaridan yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

Mazkur sertifikatni berish uchun tuziladigan test savollari davlat taʼlim standartlariga mos taʼlim oʻquv dasturiga muvofiq Xalq taʼlimi vazirligi va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Buni ishlab chiqishda Angliya, AQSh va Rossiya kabi mamlakatlar test tizimlari oʻrganib chiqilgan. Inspeksiya huzuridagi Milliy tadqiqotlar markazi tomonidan PISA, PIRLS kabi xalqaro tadqiqotlar ham oʻrganilgan.

“Izlanishlar natijasida maʼlum boʻldiki, hozirgi test tizimimiz faqatgina xotirani aniqlashga, yod olishga qaratilgan. Shuning uchun OTMga kirmoqchi boʻlgan abituriyent repetitorlardan koʻmak izlashi tabiiy. Maktablarda ayni paytda bolalarni izlanuvchanlikka, kreativ yondashuvga undaydigan tizim yoʻlga qoʻyilyapti. Bu tizim orqali bir nechta samarali jarayonlar yoʻlga qoʻyiladi: taʼlim jarayoni qatnashchilarining taʼlimga munosabati, test tizimida oʻquv metodikasi va nihoyat taʼlim sifati oʻzgaradi”, — deydi inspeksiya mutaxassisi.