Buxoroda psixologiya va xorijiy tillar universiteti ochiladi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Buxoroda psixologiya va xorijiy tillar universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qarorga muvofiq, Kogon tumanida tashkil etiladigan universitetda oʻqitish Oʻzbekistonda amalda mavjud taʼlim shakllari hamda oʻzbek, rus va ingliz tillarida toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda oʻzlashtirish koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan farzandlari tanlov asosida bepul oʻqishga qabul qilinadi.

Universitet granti asosida oʻqishga tavsiya qilinadigan mazkur toifadagi abituriyentlar ajratilgan kvotaning 10 foizidan kam boʻlmagan qismini tashkil etadi.

Bundan tashqari, universitetda bakalavriat bosqichi uchun quyidagi yoʻnalishlar tashkil etiladi:

Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili;

Filologiya va tillarni oʻqitish: rus tili;

Filologiya va tillarni oʻqitish: ingliz tili;

Oʻzga tilli guruhlarda rus tili;

Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda xorijiy til (ingliz tili);

Psixologiya (yuridik psixologiya);

Psixologiya (sport psixologiyasi);

Psixologiya (amaliy psixologiya);

Psixologiya (oila psixologiyasi).

Shuningdek, magistratura bosqichi uchun esa quyidagi yoʻnalishlar tashkil etiladi:

Adabiyotshunoslik: ingliz adabiyoti;

Adabiyotshunoslik: rus adabiyoti;

Lingvistika: rus tili;

Psixologiya (faoliyat turlari boʻyicha);

Psixologiya (yuridik psixologiya).

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari hamda toʻlov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojdan hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda muassis tomonidan belgilanadi.

Universitetda taʼlim faoliyati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilganidan soʻng boshlanadi.

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!