Imtiyoz, imtiyoz, imtiyoz… Abituriyentlarga necha turdagi imtiyoz bor?

Imtiyoz, imtiyoz, imtiyoz… Abituriyentlarga necha turdagi imtiyoz bor?

OTMga kirishga bo‘lgan talab yildan yilga oshib bormoqda. Shu jihatdan raqobat ham kuchayib borishi bor gap. Ammo, bir qator imtiyozlarni joriy etilgani bilimli abituriyentlarning ba’zi noroziliklariga ham sabab bo‘lmoqda. Bugun O‘zbekistonda abituriyentlar uchun necha xil imtiyoz turlari borligi bo‘yicha so‘z yuritmoqchimiz.

1. Harbiy xizmatchilarning farzandlariga beriladigan imtiyozlar:

Prezidentning 2018 yil 14 maydagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtiyozlar belgilangan.

Mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan, jangovar xizmatda va ilmiy faoliyatda muayyan natijalarga erishgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar (idoralar)da harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy ta’lim muassasalariga kirishda ajratilgan besh foizli qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.

2. O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga beriladigan imtiyozlar:

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 noyabrdagi 914-son qarorida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga tavsiyanomalar berilishi va ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinishi belgilangan.

3. Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar:

Harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va yuksak natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarga beriladi.

4. Xalqaro va respublika olimpiada g‘oliblariga beriladigan imtiyozlar:

Prezidentning PQ-4306-sonli qaroriga binoan, g‘oliblari davlat OTMlariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra, quyidagi 5 ta xalqaro olimpiada g‘oliblariga ana shunday imtiyoz beriladi.

5. «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti laureatlariga beriladigan imtiyozlar:

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari bakalavriatga, bakalavriat talabalari esa oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

6. To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalarga beriladigan imtiyozlar:

OTMlarga qabulning umumiy sonidan «Mehribonlik» uyi va Bolalar shaharchasi bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha 1 foizgacha davlat granti bo‘yicha qabul kvotasi ajratiladi.

7. Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga beriladigan imtiyozlar:

Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlariga davlat oliy ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qo‘mitasining oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar belgilangan.

8. “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyi bitiruvchilariga beriladigan imtiyozlar:

“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarining 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda esa o‘zlari to‘plagan ballarining 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.

9. Nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan imtiyozlar:
Bunday shaxslar qo‘shimcha davlat granti kvotasi asosida qabul qilinadilar. Ularga maktabning 11-sinfini yoxud akademik lisey yoki kasb-hunar kollejini tugatganligi haqidagi hujjatga, shuningdek I va II guruh nogironligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga ega nogironlar, shuningdek nogiron bolalar da’vogarlik qilishi mumkin.

10. «Hamshira» respublika ko‘rik tanlovi g‘oliblariga beriladigan imtiyozlar:

Hukumatining tegishli qarorlariga muvofiq «Hamshira» tanlovi g‘oliblari tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha imtiyozli asosda imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

11. Olis cho‘l hududlarida yashovchi abituriyentlar uchun beriladigan imtiyozlar:

O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga 2017-2018-o‘quv yilidan boshlab Navoiy, Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda test sinovlari natijalari bo‘yicha 68 va undan yuqori ballga ega bo‘lgan, olis cho‘l tumanlarida kamida uch yildan buyon istiqomat qilayotgan abituriyentlarni, keyinchalik mutaxassislik bo‘yicha ushbu hududlardagi budjet tashkilotlarida tegishli viloyat hokimligi va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida kamida 4 yil ishlab berish sharti bilan qo‘shimcha grant asosida imtiyozli qabul qilish huquqi berilgan.

12. Chet tili sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar:

TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject kabi sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga beriladigan imtiyozlar.

13. “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga beriladigan imtiyozlar:

Xalq ta’limi vazirligi va tegishli vazirlik, idoralar tomonidan har yili o‘tkaziladigan pedagogika o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilari va ta’lim muassasalari tarbiyachilarining “Tarbiyachi” respublika tanlovi g‘olibilari mazkur vazirliklar taqdimnomalariga muvofiq Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi belgilangan.

14. Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati bitiruvchilariga beriladigan imtiyozlar:

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tavsiyasiga asosan, Davlat komissiyasi qarori bilan oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilinadi.

15. Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha Respublika tanlovi g‘oliblariga beriladigan imtiyozlar:

Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bo‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari Badiiy akademiyaning taqdimnomasiga asosan Davlat komissiyasining qarori bilan tegishli oliy ta’lim muassasalariga, mos ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

16. So‘x tumanidagi bitiruvchilarga beriladigan imtiyozlar:

So‘x tumanida yashovchi bitiruvchilarga alohida kvota ajratiladi. Hamda ularga alohida imtiyoz beriladi.

17. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qiz farzandlariga beriladigan imtiyozlar:

Shartli ravishda tavsiyanomasi bor xotin-qizlar uchun 4 foizlik kvota ajratilgan.

18. «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sovrindoriga beriladigan imtiyozlar:

Mazkur davlat mukofotini olganlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavr bosqichiga, agar mukofotlangan shaxs oliy o‘quv yurti talabasi yoki bakalavr darajasiga ega bo‘lsa — magistratura bosqichiga imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.

Ko‘rib turganingizdek, bir qator imtiyozlar berilgan. Joriy yildan yana yangi imtiyozlar qo‘shilmoqda. Ular:

  1. Bojxona hodimlarining farzandlariga beriladigan imtiyozlar:

Endi bojxona xodimlarining farzandlari tavsiyanoma bilan OTMga grant asosida tanlovsiz o‘qishi mumkin.

     2. O‘rmonchi xo‘jaligi xodimlarining farzandlariga beriladigan imtiyozlar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va hududlardagi o‘rmon xo‘jaliklarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining tavsiyanomasiga asosan o‘rmonchilar va ularning farzandlari uchun oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlariga davlat granti (!) asosida belgilangan qabul kvotasiga qo‘shimcha 20 foiz ajratish choralari ko‘riladi.

   3. Mahalla xodimlariga beriladigan imtiyozlar:

Hukumat qaroriga ko‘ra, mahalla tizimida 3 yillik stajga ega, egallab turgan lavozimida 1 yildan beri ishlayotgan xodimlarga Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomalar beradi. Tavsiyanoma olganlar “Ijtimoiy ish” (faoliyatning turli sohalari bo‘yicha)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha sirtqi ta’limga kontrakt asosida qabul qilinadi.

Shuningdek, kutilayotgan umumta’lim fanlarini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatga egalar uchun berilgan imtiyozlar ham mavjud.

Haqli savol tug‘iladi: Mamlakatda ayni oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlarning oshirilib borishi qanchalik to‘g‘ri? Yoki berilayotgan imtiyozlarning ayrimlariga chindan ham munosib bo‘lsa, unda kirish imtihonlari ular uchun murakkablik tug‘dirmasa kerak. Bu masalaga jiddiy qarash va isloh qilish vaqti yetmadimikan?