Eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talabaga Prezident granti ajratiladi. Ularga qo‘shimcha stipendiya to‘lanadi

OTMlarga kirish imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy etilishi kutilmoqda. Grant sohibi bo‘lgan talaba barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lsa, unga prezident granti stipendiyasi to‘lab boriladi.

“2021 yil — Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Loyihaga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va Davlat test markazi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantini ajratish tartibini ishlab chiqishi belgilangan.

Ushbu maqsadda, OTMlarga kirish imtihonlarida ball to‘plagan shaxslar to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarni nazarda tutuvchi yagona elektron reyestrni shakllantiriladi.

Prezident grantini yutgan talabaga o‘qishni bitirguniga qadar amaldagi Prezident stipendiyasi miqdoriga teng bo‘lgan Prezident granti stipendiyasini to‘lanadi.

Lekin, o‘quv semestri yakuni bo‘yicha barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lib, bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, ushbu toifadagi talabalarga kelgusi semestrlar mobaynida Prezident granti stipendiyasi berilmaydi.

Bundan tashqari, magistratura va doktoranturada o‘qiyotgan iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida Prezident davlat stipendiyasi kvotalari sonini kamida ikki barobarga oshiriladi.

O‘zbekistondagi xorijiy va qo‘shma oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalari joriy etiladi.

Bundan tashqari yaqinda Toshkent shahrida 8 ming talabani qabul qiladigan prezident universiteti tashkil etilishi ma’lum qilinmagan.

Toshkentdagi prezident universiteti 8000 talabaga mo‘ljallanadi. Universitetda Oksford ta’limi joriy etiladi. Prezident so‘zlariga ko‘ra, yoshlarning yarmi chet elda o‘qiganidan keyin qaytib kelmayotgani kuzatilmoqda.

“Biz prezident universitetini quramiz. Oksford ta’limini birinchi marta O‘zbekistonda joriy qilmoqchimiz. Britaniyaning ta’lim sohasi dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Biz yangi prezident maktablarini ochdik, endi 8000 talabaga mo‘ljallangan yangi prezident universitetini ochamiz. Barcha domlalari chet eldan bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev yoshlarning yarmi chet elda o‘qiganidan keyin mamlakatga qaytib kelmasligini afsus bilan qayd etdi.

“Bizning bolalarimiz chet elga ketishadi — ularning 50 foizi qaytib kelmaydi. “Eng katta aql” ketayapti. U yerdagi sharoit ularga yoqadi, oylik katta. Ammo endi men shu sharoitlarni yaratib, ularni o‘zimizda o‘qitmoqchiman. Ketmasin bolalarimiz”, — deya ta’kidladi prezident.

Universitetning ochilish sanasi haqida hali aniq xabar berilmagan.

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!