Toshkent shahri, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida yangi OTM ochiladi

Yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni sezilarli darajada oshib bormoqda. Ularning soniga yana 3 ta muassasa qo‘shildi. Jizzax va Farg‘onada ochilishi kutilayotgan OTM tibbiyot yo‘nalishida bo‘lsa, poytaxt Toshkent shahridagisi esa AKT sohasida. Quyida ular bilan kengroq tanishasiz.

Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti

“Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali negizida Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti tashkil etiladi. Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi yangi institutning klinik bazasi etib belgilanadi.

Institutda yetakchi xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda, zamonaviy ta’lim dasturlari asosida tor sohadagi mutaxassisliklar bo‘yicha shifokorlar  tayyorlanadi.

Institutga qabul har yili belgilanadigan davlat buyurtmasi parametrlari doirasida va qo‘shimcha qabul parametrlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi;

Uch oy muddatda institutga yuqori salohiyatga, fan nomzodi, fan doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar  jalb etiladi.

Institut faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida jalb etiladigan malakali professor-o‘qituvchilar xizmat uylari bilan ta’minlanadi.

Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universiteti

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 dekabrda “Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi 762-son qarori qabul qilindi.

AKT, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish bo‘yicha oliy ma’lumotli raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash hamda boshqalar universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi. Toshkent shahridagi Yaponiya raqamli universiteti nodavlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Universitetda o‘qitish Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa nufuzli OTM hamda O‘zR davlat ta’lim standartlari talablari inobatga olingan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq YAPON va O‘ZBEK tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Universitetda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida kadrlar tayyorlanadi. 2020/2021 o‘quv yili hamda keyingi o‘quv yillarida universitetga qabul qilish parametrlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

“Muhandis-dasturchi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha universitetga talabalarni qabul qilish 2020/2021 o‘quv yilidan, “Kompyuter grafikasi va dizayn”  bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha – keyingi o‘quv yilidan boshlab amalga oshiriladi.

Har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari tanlov asosida bepul (universitet granti asosida) 10 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlar o‘qishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Yaponiya universitetlari hamda O‘zbekiston Respublikasining belgilangan namunadagi diplomlari beriladi.

Universitet O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Toshkent shahar, Uchtepa tumani, Kichik xalqa yo‘li ko‘chasi 21-a uy manzilidagi 3-o‘quv binosining birinchi qavatiga joylashtiriladi.

Jizzaxda Rossiya tibbiyot universitetining filiali tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasining «N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti» federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori loyihasi e’lon qilindi.

«N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti» Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi Jizzax shahrida «N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy tekshirish tibbiyot universiteti» Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi filialini va «N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti» Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi filiali klinikasi tashkil etiladi.

Filial va Filial klinikasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

respublikaning sog‘liqni saqlash sohasi tarmoqlaridagi muhim tibbiy-kasbiy va tibbiy-texnologik vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali tibbiyot kadrlarni tizimli-uzluksiz xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

davolash ishi, pediatriya ishi, stomatologiya, farmasiya va tibbiyotning boshqa sohalarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish;

sog‘liqni saqlash sohasida tibbiyot kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizasiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish;

tibbiy ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning yaqin integrasiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;

ilmiy-pedagogik salohiyatning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini faol takomillashtirish;

klinikada, klinik, o‘quv va o‘quv-amaliyot bazalarida talabalar amaliy ko‘nikmalarini samarali o‘zlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

tibbiy ta’lim hamda ilmiy-texnikaviy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes hamjamiyati bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.

Filial direktori va Filial klinikasi bosh shifokori O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Bosh muassasa bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Filial tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda o‘qitishning Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan asosiy bakalavriat yo‘nalishlari (magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklari) bo‘yicha barcha darajalardagi mutaxassislarni, shu jumladan, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiradi.

Filialda o‘qitish rus tilida, Rossiya Federasiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Bosh muassasa tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlarga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Filialning ta’lim faoliyati 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi. Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitet diplomi beriladi.

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!