O‘qishga nima uchun kirmoqchisiz?

Shu kunlarda yurtimizdagi barcha bilim dargohlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Kimlardir imtihondan ko‘ngli to‘lib chiqmoqda. Kimlardir esa xavotirda natijalarni kutmoqda. Hamma abituriyentlarning qalbida o‘qishga kirish istagi bor. hamma talaba bo‘lsam deydi. lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: “Siz o‘qishga nima uchun kirmoqchisiz?”

Javoblar turlicha bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, aslida inson o‘qishga nima uchun kiradi?

Imtihonga kirishdan maqsad faqat “o‘qishga kirdi” degan nomni olish bo‘lmasligi kerak. O‘qish davri 4-6 yilda tugaydi. Insonning o‘qishga kirishdan maqsadi darslarni qoyillatib o‘qib, insoniyatga foyda keltirish bo‘lishi kerak. Chunki, oylar davomida tayyorgarlik ko‘rib, qiynalib, navbat kutib imtihonlarga kirib, ulardan o‘tib, o‘qishga kirgan talaba endi o‘sha bilim dargohida o‘qimasa, darslarga kelib-kelmasa, o‘qituvchilarni hurmat qilmasa, ilm olishga intilmasa, bunday o‘qishning nima keragi, kimga foydasi bor?

Har bir inson o‘zi qiziqqan kasbning ilmini olar ekan, o‘sha ilmga jiddiy eʼtibor berishi, darslarni yaxshi o‘zlashtirishi lozim. Sababi u o‘qishni bitirib, o‘z sohasida yaxshi mutaxassis bo‘lib xizmat qilishi, o‘ziga ham, oilasiga ham va butun insoniyatga ham foyda keltirishi, oladigan maoshini halollab olishi kerak.

Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

إن الله يحب إذا عمل أحدكم عملا أن يتقنه

«Alloh birortangiz biror ishni qilganda uni puxta qilishini yaxshi ko‘radi», deganlar (Abu Yaʼlo rivoyati, “Majmaʼu-z-zavoid”; Suyutiy, «Al-jomeʼ as-sag‘ir»).

Ha, har bir inson o‘z kasbiga omonat deb qarashi, uni puxta amalga oshirishi kerak. Agar kasbiga nisbatan loqaydlik kayfiyatida bo‘lsa, u shu masalada xiyonatkor hisoblanadi.

O‘qituvchi, shifokor, nonvoy, oshpaz, haydovchi, mexanik, arxitektor, muhandis, ichki ishlar xodimi, prokuror, imom-xatib va boshqa sohada ishlovchi kishilar o‘z kasblariga fidoiylik bilan yondoshishlari kerak.

O‘qituvchi taʼlim maskaniga ilm o‘rgatish uchun borishi kerak, shunchaki vaqt o‘tkazish, oylikni quruq olish uchun emas.

Shifokor bemorlarni ham shirin so‘z, ham dori darmonlar bilan muolaja qilish uchun borishi kerak, tanish-bilishchilik qilish, tanishlarining bemorlariga yaxshi qarab, notanish bemorlarga bepisandlik qilish uchun emas. Chunki u tanish bemorlarni emas, barcha insonlarni davolash uchun taʼlim olgan.

Nonvoy ham o‘zi qorayotgan xamirga peshona va yuzlaridagi terlari tommasligining chorasini ko‘rishi, yuzlarini artib, qo‘llarini yaxshilab yuvib, keyin ishga kirishishi kerak. Zero, u xalqning luqmasiga javobgarlardan biridir.

Oshpaz o‘zi pishirayotgan taomiga chang, sigaret kuli, qoldig‘i, tupuk, daraxt bargi va hokazolar tushmasligining chorasini ko‘rishi, agar o‘zi chekadigan kimsa bo‘lsa, sigaret ushlagan qo‘llarini yaxshilab sovunlab yuvib, keyin taom pishirishga urinishi lozimdir. Chunki u ham nonvoy kabi insonlarning luqmasiga javobgardir.

Haydovchi mashinani haydash oldidan uning sozligini, yaroqliligini tekshirib chiqishi, taʼmirtalab bo‘lsa, uni ustaga sozlatib, keyin minishi, keyin kirakashlik qilishi kerak.

Mexanik ustalar o‘zlariga olib kelingan mashinalar va boshqa texnikalarni yaxshi sozlashlari, ishlariga eʼtibor bilan yondoshishlari, mashinalarning ehtiyot qismlarini arzon, eski, sifatsiz ehtiyot qismlarga almashtirmay, mashinadagi yangilarini olib qo‘ymay, o‘g‘irlamay, halol ishlashlari kerak.

Arxitektor o‘z kasbini yaxshi bilishi, puxta amalga oshirishi, chizayotgan, qurayotgan binolarda vaqti kelib odamlar yashashi, mehnat qilishini ko‘z o‘ngida tutishi kerak. Hozirda baland imoratlar qurilayotgan zamonda bu kasb mutaxassislari yana-da hushyorroq bo‘lib, o‘z sohalarining chinakam professori bo‘lishlari shart.

Boshqa soha xodimlari haqida ham shunday gaplarni aytishimiz mumkin.

Ushbu videoga yaxshilab nazar soling. Asli sohasi ortopediya (suyaklar muolajasi va jarrohligi) bo‘lgan shifokor yuragi urishdan to‘xtab qolgan bolani hayotga qaytishiga yordamlashib, Alloh taoloning fazlu marhamati bilan muvaffaqiyatga erishdi. Agar shu odam shifokorlikka xos bo‘lgan ilmlarni yaxshi o‘zlashtirmaganda, darslarni puxta o‘rganmaganda, oliygohga faqat diplom olish uchun qatnaganda yoki o‘z sohasi bo‘lgan ortopediyaning o‘zini o‘rganib, bemorga birinchi tibbiy yordam berishni bilmaganda, bolakayning hayoti xavf ostida qolishi, yuragi ishlab ketmagan bo‘lishi mumkin edi.

Eʼtibor bersangiz, atrofda turganlar nima qilishlarini bilmay, shok holatda turibdilar. Agar shifokor o‘z sohasining mohir bilimdoni bo‘lmaganda, u ham tomoshabinlar kabi nima qilarini bilmay dovdirab turgan bo‘lar va bolakay vafot etgan bo‘lishi mumkin edi.

Jamiyatimizda loqaydlik, beparvolik kasaliga chalinmagan, atrofdagi voqealarga nisbatan o‘zida daxldorlik hissi bilan yashovchi, kasbining zo‘r mutaxassisi va eng asosiysi, insoniyatga foyda keltirishga urinuvchi insonlarning borligi biz uchun quvonarli holdir.

Alloh taolo har birlarimizga o‘z kasbimizning ustasi bo‘lib, ishimizga fidokorlik bilan kirishib, uni puxta bajarishimizni nasib etsin!

Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

muslim.uz

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!