“Bugunda yashash san’ati”ni birgalikda o‘rganamiz!

“Bugunda yashash san’ati”ni birgalikda o‘rganamiz!

Abituriyentlik o‘izga xos mashaqqatlar davri. Soatlab mutolaa, bilimlarni takrorlash va ularni sinash. Mana shu jarayonlar davomida xohlaymizmi yo‘qmi abituriyentlarda zerikish, biroz sustkashlik kuzatilib qolishi mumkin. Bu tabiiy jarayon. Ana shu vaqtda “richak”ni yana harakatga keltirish, olg‘a undash lozim bo‘ladi.

Buni “Registon” o‘quv markazi jamoasi yaxshi biladi va shu sabab doimiz ravishda motivatsiya beruvchi treninglar o‘tkazib boradi.

Bu galgi trening “Bugunda yashash san’ati” deb nomlandi, hamda mazkur treningni markazning Yakkasaroy filiali rahbari Botirjon Tolibjonov tashkil etdi. 30 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashgan mashg‘ulotni siz bilan ham bo‘lishishni ixtiyor qildik.

Haqiqatda kishini o‘ylantiradi “Bugunda yashash san’ati” nimani anglatadi?

O‘zi shundoq ham kechada yoki ertangi kunda emas aynan bugunda yashaymiz-ku! Trening “Mening hayotdagi asosiy rollarim” mavzusi bilan boshlandi. Avvalo bugunning go‘zallashishi uchun inson o‘z o‘rnini, yaqinlari va atrofdagilarning hayotida tutgan o‘rnini anglab olishi lozim.

Aytaylik, oilada, yaqin-qarindoshlar, do‘stlar, ishda, kasbdoshlar hamda jamiyatda qay o‘rinni egallashingizni belgilab oling. Agar o‘z o‘rningizdan qoniqsangiz, uni mustahkamlang, aksincha o‘sishga ehtiyoj sezsangiz, uni imkon darajasida rivojlantirib boring! Buni yon daftaringizga qayd etib qo‘yish ham o‘rinli bo‘ladi.

Keyingi qadam “Hayot balansi va qadriyatlar g‘ildiragi  va qadriyatlar balansi”. Unda yana bugunda yashayotgan o‘z “men”imizga baho beramiz. Ya’ni:

“Diniy qadriyatlar”ga munosabatimiz qanday?

“Karera va biznes”da qanchalik omadlimiz?

“Mablag‘”imiz (shaxsiy jamg‘armamiz) qancha?

“Shaxsiy o‘sish”ning qaysi darajasidamiz?

“Sport va sog‘lik”ka qanchalik e’tiborlimiz?

“Atrofdagi do‘stlar”imiz bilan munosabatlarimiz qay holatda?

“Oila, munosabatlar”ni qanday baholaysiz?

“Hobbi va qiziqishlar”ingiz ko‘pmi?

Shu savollarga BUGUNINGIZDAN javob izlang. Va maksimal 100 ball deb oladigan bo‘lsak, javoblaringizni baholang.

Rasmda ko‘rsatilgan tartibda albatta. Agar “Qadriyatlar g‘ildiragi”ngiz aylana shaklida bo‘lsa, demak siz hayot yo‘llarida ravon harakatlana olasiz. Aksincha bo‘lsa, sizda “Hayot balansi”ni normal holatga keltirish imkoniyati bor. Vaqtni to‘g‘ri boshqarsangiz bo‘lgani.

Ko‘pchilik qanchalik ko‘p harakat qilsa ham ishida natijadorlik ko‘rsatkichi pastligidan nolib yuradi. Ehtimol sizda ham shundaydir. Agar shunday bo‘lsa, hech ham yashirmay aytavering. Sizga yordam beramiz. Qanday deysizmi? Siz o‘zingiz uchun bajarayotgan ishlaringizni rejalashtirib oling.

Bunda siz muhim va shoshilinch jadvalini to‘ldirish hamda shunga ko‘ra bajarishingiz lozim bo‘lgan vazifalarni taqsimlab oling.

Avvalo “Muhim va shoshilinch”larini belgilang va birinchi navbatda shularni bajarish harakatida bo‘ling!

Ikkinchi jadvalda esa “Shoshilinch emas, lekin muhim”larini belgilang. Vaqtingizga qarab, bajarish mo‘ljalini oling.

Uchinchi o‘rinda esa, “Shoshilinch, lekin muhim emas”larini  qayd eting. Ammo, imkon qadar ularni bajarmasangiz ham bo‘ladiganlaridan voz keching!

So‘nggida esa “Shoshilinch ham emas, muhim ham emas”larini “qora ro‘yxat”ga kiriting. Ularga qancha kam vaqt ajratsangiz, maqsadlarizga shuncha tez erishasiz va ortiqcha energiya sarflamaysiz!

         Ushbu treninglar bir necha bosqichli bo‘lib, keng qamrovli doirada tashkil etiladi. Bu birinchi mashg‘ulot. Agar qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa, albatta keyingi treninglarimizda sizni kutib qolamiz. Navbatdagi mashg‘ulot 29.11.2020 sanasida o‘tkaziladi. Markazimiz eshiklari siz azizlar uchun hamisha ochiq!