TIL O‘RGANISHNING NECHTA SIRI BOR?

Bugungi yoshlar chet tillarini o‘rganishga ancha talabchan. Xorijda o‘qish yoki ishlash uchun ham til bilishning muhim ahamiyatga ega ekanligi kun sayin oydinlashmoqda. Shu kunlarda qulog‘imizga turli ajnabiy so‘zlar tez-tez chalinayotgani, respublikamiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan turli o‘quv markazlarining til o‘rgatish kurslariga o‘quvchini jalb qilish uchun takliflari, chegirmalari kundan-kunga ko‘payayotgani bejiz emas, albatta.

Shunday ekan, keling, xalqaro ingliz tilini o‘rgatish tizimi darajalari bilan tanishsak: boshlang‘ich (Beginner), boshlang‘ichdan bir pog‘ona yuqori (Elementary), o‘rtachadan past (Pre-Intermediate), o‘rtacha (Intermediate), o‘rtachadan yuqori (Upper Intermediate) va ilg‘or daraja (Advanced).

Xalqaro ingliz tilini sinash tizimi, ya’ni insonning bu boradagi bilim darajasi (IELTS) esa quyidagicha amalga oshiriladi:

— Listening (tinglash qobiliyati);

— Reading (o‘qish qobiliyati);

— Writing (ingliz tilida yozma ko‘nikmalar);

— Speaking (og‘zaki ingliz tilini bilishi).

Sinov natijasi(IELTS daraja) ikki yil davomida amal qiladi.

Ko‘cha-ko‘ydagi e’tiborni tortadigan joylarda “1 oyda ingliz tilini o‘rgatamiz!”, “3 oyda eng yuqori natija!”, “Qoida va grammatikalarsiz tilni oson va qulay usulda o‘rganing” singari e’lonlarga ko‘zingiz tushgan bo‘lishi tabiiy. Bu odatiy holga aylangan bo‘lsa ham, ajablanmayman. Xo‘sh, o‘quv markazlari reklamalaridagi jumlalar qanchalik haqiqatga yaqin, tilni qanday o‘rganish kerak, qancha muddat shug‘ullansa bo‘ladi? Ingliz tilini kimdir kinofilm tomosha qilib, inglizcha musiqalar tinglab o‘rganadi, IELTS imtihonlarida yuqori natijaga erishadi. Yana kimdir ingliz tilini o‘rganishga umrining bir necha yilini sarflasa ham, foydasi bo‘lmaydi. Buning sababi nimada, qanday sirlari bor?

Shu va boshqa savollarimizga javob olish uchun poytaxtimizdagi “Registon” o‘quv markazida bir necha yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan yosh va iqtidorli pedagog Tursunoy YO‘LDOSHEVAning tajribalari bilan qiziqdik.

— Ingliz tilini qanday o‘rganish kerak?

— Men o‘zimning uzoq yillik kuzatishlarim davomida ingliz tilini o‘rganishning atigi 3 ta “sir”i bor, degan xulosaga kelganman:

— Dangasa bo‘lmaslik;

— Jonli muhit shakllantirish;

— Doimiy ravishda takrorlab, mashq qilish.

“Tadqiqot”, ya’ni yangi tilni o‘rganish jarayoni juda qizg‘in kechishi lozim. Bir kunda 5-6 soat shug‘ullanib, 1 hafta kitob o‘qiyolmay yurgandan, birinchi haftada har kuni 1 soatdan shug‘ullanib, keyingi haftalarda dars davomiyligini oshirib borgan ma’qul. Bu mashg‘ulot o‘zingiz uchun qiziq bo‘lsa, dars vaqti siz bilmagan holda ko‘payib, samaradorligi oshib boraveradi. Kam va tez-tez o‘rganing. Miya ma’lumotni qabul qilishni to‘xtatganidan so‘ng, quloqlar eshitmaydi va ko‘rish “loyqa” tusga kiradi. Kuch sarflashni davom ettirsangiz ham, bunda nimadir o‘rganishingiz dargumon. Bular ingliz tili, umuman, har qanday tilni o‘rganishning oddiy sirlari. Ularni bilish maqsadingizga erishish uchun yetarli, deb o‘ylayman.

“Chet tilini o‘rganmasangiz hayotingiz zulmatga aylanadi, ingliz tilini bilishingiz shart, bu davr talabi…” deb emas, uni shunchaki san’at sifatida qabul qiling. Chunki bu nafaqat istak va harakatni, balki maxsus bilimlarni ham talab etadi. Agar tilga majburiyat deb qarasangiz, yillar davomida ham biror natijaga erisha olmaysiz.

— 1 oyda IELTS 7+ olish mumkin(mi)?!

— Bugun turli o‘quv markazlarining flayer va reklama bannerlari, videoroliklarida bu kabi e’lonlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. 1 oyda, hatto undan ham kam muddatda IELTSdan yuqori natija olish mumkin. Faqat ishtiyoq va insonda til bo‘yicha yetarli darajadagi “baza” bo‘lsa bo‘lgani. O‘quv markazi qo‘ygan talablarni va berilgan vazifalarni vaqtida, aytganidan ziyoda bajarib, 24 soat davomida kitob o‘qish… (buning iloji yo‘qligini tushungandirsiz?) Agar o‘quvchi aytilgan muddatda natija chiqarolmasa, unga vazifalarni vaqtida bajarmagani ro‘kach qilinib, aybni tayyorlov markazining “bo‘yni”dan soqit qilish oson.

IELTSga tayyorlanishni ko‘pchilik IELTS texnikasini o‘rgatadigan kitoblar qidirishdan boshlaydi. Internetdan shunday kitoblarni yuklab oladi-da, qaysi biridan boshlashni bilmay boshi qotadi. Dastlab “You Tobe”da qanday qilib “Listening”, “Reading”, “Multiple”, “Choice”, “Question” bilan ishlash sirlarini o‘rgana boshlaydi. “True/false/not given”ni aniqlash yo‘llarini qidiradi. Lekin amalda qo‘llay olmaydi, natija past chiqaveradi. Xo‘sh, bu bilimsizlikni anglatadimi?

Yo‘q. Shunchaki siz qanday qilib tayyorlanishni bilmayapsiz, xolos. Qolganlar nima qilsa, shuni qilyapsiz. Chunki ular imtihondan “8.0” ball olgan-da! Bilmaysiz-ki, bu natijaga erishganlar IELTSga tayyorlanishdan avval tilni kuchli bilgan va “General English”ni mukammal o‘rganib, keyin tayyorlana boshlagan.

Agar “General English”ni yaxshilab o‘rganib, so‘z boyligingizni oshirib, “Listening”, “Reading” (badiiy kitob o‘qish), “Speaking”, “Writing” ustida ishlasangiz, IELTS texnikasini o‘rganish oson.

Tavsiyam — ingliz tilidagi kino yoki seriallarni ko‘ring. Yangi so‘zlarni yozib, tarjimasini yodlang. Qahramonlarning har bir gapini to‘xtatib, xuddi aktyorlardek talaffuz qiling, rolga kiring.

Kitob o‘qing. O‘zingizga yoqqan asarni qancha ko‘p mutolaa qilsangiz, shuncha foydali. Boshida qiynalasiz, lekin tashlab qo‘ymang. Har bir so‘zni emas, o‘zingizga yoqqan jumlani tarjima qiling. Muhimi, yod oling!

Kundalik daftar tuting va unga kunlik o‘ylaringiz, orzularingiz, maqsadlaringizni yozib boring. Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Kino va kitobdan yodlagan so‘zlaringizdan foydalaning. Bu “Writing” oshishi uchun ham juda foydali.

Past daraja bilan IELTS kurslariga qatnash befoyda. Avvalo, ingliz tilini yaxshilang. Unutmang, til va IELTS bitta narsa emas. Til — bu til, IELTS esa darajangizni baholaydigan tizim — test, xolos. U sizga imtihon testlari strukturasini o‘rgatadi.

— Til o‘rganishdagi samarali usullar haqida nima deya olasiz?

— Avvalo, inson nima qilishni yaxshi ko‘rishini aniqlab olishi kerak. Balki sizga musiqa tinglash, film tomosha qilish yoki mashhur shaxslarning namoyishlari, suhbatlari yoqar? Ehtimol, mutolaa, audio kitoblarni tinglash yoki yangiliklarni muhokama qilishni xush ko‘rarsiz? Chet tilini o‘rganishda qiziqishlaringizdan maksimal darajada foydalaning!

Bu tilda bemalol gaplashish naqadar ajoyibligini tasavvur qiling, orzu qiling. Kelajakdagi natijani va maqsadlaringizni bir zum xayolga keltirish sizga juda ko‘p kuch va motivatsiya bag‘ishlaydi, xorijiy tilda gapirish qobiliyatingizni rivojlantirishga turtki beradi. Avvalo, til ichida til bilan yashashni o‘rgansangiz bo‘lgani.

Muhimi — jonli muhit yaratish. Bu juda muhim. Masalan, afg‘onistonliklarni oling, ingliz tilini hech bo‘lmaganda muloqot darajasida bilishadi. Chunki bizda rus podshohlik bosqini davrida rus tili targ‘ib qilinganidek, bu davlatlarda o‘z davrida inglizlar hukmronligi sababli ehtimol, ingliz tili muhiti yaratilgan. Misol uchun, yosh bolalarni oling. Ular tilni qanday o‘rganishini bilasizmi? Buning asosiy usuli — taqlid qilish va takrorlashdir.

Bolalar bir necha yillar davomida qiziqish va qat’iyat bilan atrofidagilardan eshitgan barcha so‘zlarni takrorlab, ularga taqlid qiladi: “buvva” asta-sekin “suv”ga aylanadi, “mommoq” — “sut”ga, “shalom” esa “salom”ga…

Biz, kattalar, chet tilini o‘rganish jarayonida bolalardan ko‘ra ancha ustunlikka egamiz. Ya’ni, allaqachon, kamida, bitta tilni bilamiz. Artikulyar mushaklar, fikrlash, xotira va eshitish organlarimiz rivojlanib bo‘lgan. Kamida bitta tilni bilamizmi, demak boshqa tillarni o‘rganish qobiliyatimiz ham yetarli. Muammo shundaki, biz ona tilimizni qanday o‘rganganimizni unutib qo‘yganmiz! Ingliz tilida notanish so‘zni eshitganimizda, xuddi bolalardek harakat qilganimizda edi…

Yana bir usul, iloji boricha chet elliklar bilan suhbatlashish katta yordam beradi. Hech qachon xato qilishdan qo‘rqish kerak emas. Ular sizning xatoingizdan kulishmaydi, aksincha, ona tilisini o‘rganayotganingizdan xursand bo‘ladi va qo‘lidan kelgancha yordam beradi.

— Ingliz tilini ko‘proq kimdan o‘rgangan ma’qul?

— Ingliz tilini birinchi navbatda uni mukammal biladigan va pedagogik mahorati yuqori o‘qituvchidan o‘rgangan ma’qul. Bugun ko‘pchilik insonlar o‘qituvchining IELTS darajasi, tamomlagan oliygohi, qaysi chet davlatlarda bo‘lganiga e’tibor beryapti. Bu juda katta xato! Masalan, “Vestminster oliy o‘quv yurtini bitirgan” — bu hali oliy darajadagi pedagog degani emas! Bu kabi OTMlarda iqtisod, biznes, xalqaro diplomatik aloqalar o‘rgatiladi. O‘qituvchi Yevropaning eng rivojlangan davlatlarida bo‘lib, IELTS darajasi ham yuqori, qolaversa, yetakchi universitetlarni tamomlagan bo‘lishi mumkin, ammo pedagogik mahorati bo‘lmasa qiyin. Shunday o‘qituvchilar borki, biror chet davlatida bo‘lmagan, darajasi ham ancha past, lekin tayyorlagan o‘quvchilari ingliz tili bo‘yicha yuqori natijaga erishadi. Bu ustoz tanlashdagi eng muhim jihatlardan biridir.

Har bir inson o‘ziga xos xususiyat, iqtidor va fazilatga ega. Undan foydalana olsa bo‘lgani. Siz avvaldan ma’lum eski metodlar asosida til o‘rganishga majbur emassiz! Xohlasangiz o‘zingiz uchun yangi metodologiya yarating, qoliplarni buzishdan, ma’lum tartib va qoidalarni o‘zgartirishdan qo‘rqmang! O‘zingizni qiynab, 3-5 soatlab shug‘ullanishga miyangizni majburlamang, shunchaki tilni o‘rganing. O‘rganishingiz kerak, shart bo‘lganidan emas, uni yoqtirgan mashg‘ulotingizga aylantiring. Xobbi bilan maqsad sari harakat qilish osonroq… O‘zingizni munosib rag‘batlantirib borishni ham unutmang!

P/S. Tursunoy opa bilan suhbatimiz dunyoqarashim va miyamdagi tumtoq fikrlarni butunlay o‘zgartirib yubordi. Ayni kunda “bosh qotirish”ni to‘xtatib, ingliz tilini o‘rganishni boshladim. Siz-chi? Do you speak English?!

Abdulaziz AHMEDOV suhbatlashdi.

“Hurriyat” gazetasining 2020 yil 1 oktabr, 34-sonidan olindi

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *