2019-2020 o’quv yilida harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar uchun qanday yangiliklar sodir bo’ldi?

Xabaringiz bor, uzoq yillardan buyon harbiy tavsiyanomaga ega abiturientlar uchun test sinovlarida maxsus imtiyoz tizimi qo’llanilar edi.  Unga ko’ra, harbiy tavsiyanomaga ega abiturientlarga 2006-2011 yillar mobaynida maksimal ballning 25 foizi (56,7 ball), 2012-2016 yillarda maksimal ballning 27 foizi (61,2 ball), 2017-2018 yillarda o’zi to’plagan ballning 50 foizi miqdorida imtiyoz qo’llandi. Buning natijasida qizlar yoki tavsiyanoma olmagan abiturientlarning huquqlari o’z-o’zidan cheklanar edi.

O’tgan yili sentyabrь oyida Bosh vazir o’rinbosari Аziz Аbduxakimov harbiy imtiyoz masalasi qayta ko’rib chiqilishini va’da qilgandi.

Shundan so’ng, 2019 yilgi Davlat dasturida harbiy tavsiyanomaga ega shaxslar o’rtasida o’tkaziladigan tanlov uchun alohida kvotalar ajratish tartibi joriy etilishi belgilandi, bu haqida maxsus qaror loyihasi ham ishlab chiqildi, va nihoyat rasman tasdiqlandi ham.

Endi nima bo’ladi?

1) harbiy tavsiyanomaga ega abiturientlar uchun alohida 5 foizlik kvota belgilandi. Endi tavsiyanomaga ega abiturientlar eng avvalo o’sha kvota doirasida o’zaro bellashadi, o’zgalarga xalaqit qilmaydi. Masalan, Toshkent tibbiyot akademiyasida 66 ta o’rin ajratilgan, shundan 25 tasi grant, 41 tasi kontrakt (bu umumiy raqam, yo’nalishlarga hali ajratilmagan).

TTАga jami 200 nafar harbiy tavsiyanoma olganlar topshirdi, deylik. Аna shu 200 nafar abiturientning to’plagan ballari avval alohida ajratib olinadi va ular orasida eng yuqori ball to’plagan dastlabki 25 kishi grantga, keyingi 41 nafar kishi kontraktga kiradi.

2) ushbu 200 nafar abiturient orasidan 66 ta maxsus kvotaga kira olmay qolganlar nima bo’ladi? Ular keyin umumiy tanlovga qo’shiladi, ya’ni tavsinomasi yo’qlar bilan kurashadi, agar bali yetarli bo’lsa, talaba bo’ladi, ya’ni 66 talik joy to’lib qolgani uchun kuyib qolmaydi;

3) bu tizimning yaxshi tomoni endi hech kimga qo’shimcha ball berilmaydi, hamma o’z bilimi yetgan ballni to’playdi. Bu degani endilikda maksimal balldan yuqori to’plash holatlari hech qachon kuzatilmaydi. Masalan, o’tgan yili maksimal ball 189 bo’lsa ham, Yuridik universitetda harbiylar hisobiga byudjetning oxirgi balli 223,5 bo’lgandi.

4) bu tizimning harbiy tavsiyanomaga ega abiturientlar uchun ham foydali tomonlari bor.

Birinchidan, Bilamizki, tavsiyanomaga ega shaxslarning barchasi ham yuqori ball olavermaydi. Shuning uchun endi ular kamroq ball olib ham byudjetga yoki kontraktga kirishi mumkin. Tushuntiraman: masalan, TTАda oddiy abiturientlar guruhida grant – 165, kontrakt – 148 ball bo’ldi deylik. Yuqorida aytilganidek, harbiy tavsiyanomaga ega abiturientlar uchun dastlab alohida tanlov bo’ladi. 200 ta harbiylarning natijalari sarhisob qilinganda, dastlabki 25 kishining balli past chiqdi, masalan, 130 ball. Demak, harbiylar 130 ball bilan grantga qabul qilinadi. Kontraktda ham xuddi shunday holat kuzatiladi.

Ikkinchidan, ilgari tavsiyanoma faqat test sinovlari uchun o’tar edi, ijodiy imtihonlarga imtiyoz bermasdi. Yangi tizimda esa maxsus kvota ijodiy imtihon talab etiladigan OTMlarga ham berildi, masalan, Konservatoriya, San’at va madaniyat instituti, Xoreografiya va h.k. Bu degani, endilikda tavsiyanoma olganlar mana shu yo’nalishda ham imtiyozga ega bo’lishmoqda.

Manba:  (https://t.me/xushnudbek)

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *