Chet tilini tez o’rganish bo’yicha 3 ta safsata

Joʻshqinlik — Genri Ford taʼbiri bilan aytganda muvaffaqiyatga olib boruvchi asosiy omillardan biridir. Til oʻrganishga astoydil kirishish, ish faoliyatiga ham, shaxsiy hayotda ham katta yordam beradi. Chunki bu vaziyatda inson oʻzida joʻshqinlik hissini sezadi. U boshqa ishlarida ham ana shunday hissiyot bilan harakat qiladi va muvaffaqiyatga erishadi. Ammo yoningizda yurgan ayrim lofchi yoki uydirmachilarning fikriga quloq solishingiz natijasida, oʻz kuchingizga boʻlgan ishonch bora-bora gʻoyib boʻladi va siz ham ularga oʻxshab noshud, notovonligingizcha qolib ketasiz.

Lekin sizu biz bunday insonlar emasmiz shundaymi? Shuning uchun bu safsatalarni hoziroq hal etishimiz kerak!

Yosh: “Men til oʻrganish uchun oʻzimning imkoniyatimni boy berib qoʻydim! Endi bu yogʻiga qarilik qilaman!”

Aql yoshda emas, boshda degan naqlni eshitgan boʻlsangiz kerak. Xuddi shunday oʻzingizdan harakat boʻlmasa, yangi til oʻz-oʻzidan miyangizga tushib qolmaydi. Bolalar rivojlanish jarayonlarida muttasil ravishda yon-atroflaridagi dunyoni oʻrganishadi (hatto tushlarida ham). Hatto tillari chiqib, gapirishlariga ham yillar kerak boʻladi.

Bolalarning miyasi kattalarnikidek ishlamagani bois, ular soʻzlarni tez va oson yodlarida saqlab qolishadi. (Bilmadik, sizda til oʻrganish va gapira olish uchun qancha kech boʻldi? Aslida bu ahamiyatsiz narsa).

Axir siz kap-katta odamsiz-ku! Dunyoni yaxshi idrok etasiz, fikrlaringizni ravon ifodalay olasiz va umuman, nima uchun til oʻrganmoqchi ekanligingizni ham tushunasiz. Buning ustiga mavjud grammatik qoidalar til oʻrganishingizni yanada osonlashtiradi.

Vaqt: “Men axir shundoq ham bandman!”

Boshidanoq tan oling, til oʻrganish, vaqtni zoye ketgazish degani emas-ku, toʻgʻrimi? Xorijiy tillarni uncha mukammal oʻrganmasangizda, biroq buning oqibatida dunyoqarashingiz kengayadi. Ishda yoki shaxsiy hayotda xorijiy tilda muloqotda boʻlish, yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Til oʻrganish vaqt ketkazish yoki oʻyin-kulgu degani emas. Tan olish kerakki, oddiy ingliz tilini yuzaki bilish ham bugungi zamon talabi boʻlib qolayotir.

Yangi ish topishni xohlaysizmi? Til bilish yaxshi ishga joylashishingizga sabab boʻladi. Yer yuzi boʻylab sayohat qilishni, turli davlatlarda boʻlishni istaysizmi? Til oʻrganish sizga bunday imkoniyatni ham beradi. Siz pullaringizni shunchaki havoga sovurib, u yerlarda aylanib kelishingiz ham mumkin. Ammo til bilsangiz borgan yeringiz bilan yanada yaqinroq tanishishingiz, mahalliy aholi vakillari orasidan doʻst orttirishingiz, u yerning urf-odatlari va madaniyati haqida yanada koʻproq narsa bilib olishingiz mumkin boʻladi.

Til oʻrganaman deb tirishib, yopishib yotishning hojati yoʻq. Bu ishga ijodiy yondoshing! Masalan avtomobil tiqilinchida audio vositalar yordamida yoki tunda oʻsha tildagi filmlarni tomosha qilib ham oʻrgansa boʻladi. Til oʻqituvchisi bilan erkin mavzuda gaplashish ham yordam beradi. Hamma gap xohishda, vaqt topilaveradi.

Mablagʻ: “Hammasi pulga borib taqaladi!”

Mana bu bahona til oʻrganishdan qochish uchun yaxshi vosita hisoblanadi. Shunday emasmi? Ammo siz tilni nima uchun oʻrganayotganingizni qalban tushunib yetsangiz, bu kabi muammolar sizga sariq chaqadek arzimas boʻlib koʻrinadi. Tilni mustaqil oʻrganishingiz mumkin, biroq oʻqituvchi sizga toʻgʻri talaffuz qilish va boshqa qoidalarni oʻzlashtirib olishga katta yordam beradi. Bu uncha katta muammo emasku, axir!

Til oʻrganish uchun alohida kurslarga yoki repetitorga borishning hojati yoʻq. Sizda shunchaki xohish va internet boʻlsa boʻlgani. Ayrim til oʻrgatuvchi saytlar, masalan, “italki” sizga bu borada katta yordam beradi. Siz u yerdan oʻzingizga munosib oʻqituvchi tanlab olasiz va vaqtni ham oʻzingiz belgilaysiz. Bu sizga unchalik qimmatga ham tushmaydi. Buning uchun siz hech qayerga chiqmaysiz va skayp yordamida oʻqituvchingiz bilan muloqot qilaverasiz.

Xullas, taslim boʻlmang! Bu, avvalo, oʻzingizga kerak. Yangi tilni oʻrganish bilan oʻz tafakkuringizni ham yuksaltiring. Zero, bizning vazifamiz oʻqish va oʻrganish!

 
 
Summary
Xabarni do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *